Daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda
2023-yil 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham har kim qulay atrof-muhitga ega bo‘lishi hamda davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi haqidagi normalar o‘z ifodasini topgan.
Biroq ayrim shaxslarning o‘simlik dunyosi obyektlariga nisbatan tajovuzkorona xatti-harakatlari, shu jumladan daraxtlarning qonunga xilof ravishda kesilishi bilan bog‘liq holatlar bugungi kunda ham uchrab turibdi. Bu esa, o‘z navbatida, umumekologik vaziyatning yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonun loyihasi bilan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda, shuningdek daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun ma’muriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlanmoqda.
Bundan tashqari, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslarning qonunga xilof ravishda kesilgan daraxt va buta o‘rniga kompensatsiyaviy daraxt va buta ko‘chatlarini aynan daraxt va buta kesilgan joyga ekish hamda ularni uch yil davomida parvarish qilish majburiyati belgilanmoqda, shuningdek daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesganlik yoki yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.
Fraksiya a’zolari belgilananayotgan normalar partiyaning dastur va maqsadlariga hamohangligini ta’kidlab, qonun loyihasining qabul qilinishi daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olishga, bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning mas’uliyatini oshirishga, mazkur sohada huquqni qo‘llashning yagona amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi. Qonun loyihasi fraksiya a`zolari tomonidan ma`qullandi.
Yig‘ilishda shunigdek, “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ikkinchi o‘qishda muhokama etildi.
Yig‘ilishda deputatlar tomonidan mintaqamizda suv muammosi tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganligi yuzasidan fikrlar bildirildi. 2024-yilda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan yurtimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, global iqlim o‘zgarishi natijasida insonlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishini oldini olishga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasi bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish, sug‘oriladigan yerlarning shamol eroziyasiga va suv xo‘jaligi obyektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha boshqa dasturlar va tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratilayotgan mablag‘lar kelgusida ekologik muvozanatni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Muhokalar yakunida “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi O‘zbekiston Ekologik partiyasi elektorati manfaatlariga to‘la mos ekanligi qayd etildi hamda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
скачать dle 12.0